Savdo-sanoat palatasi (SSP) rahbari Davron Vahobov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston eksport salohiyatini rivojlantirish maqsadida BAAga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Tashrif doirasida Dubay va Sharja shaharlari Savdo-sanoat palatalarida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi “BAA va O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘llari” konferensiyasida ishtirok etdi, unda BAA ishbilarmonlari, to‘rtta davlat SSP vakillari hamda xorijiy diplomatlar ham ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonning sarmoyaviy va eksport salohiyati, mamlakatimizda milliy mahsulotlar eksportchilari uchun yaratilgan imtiyozlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi, Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini BAA va Yaqin Sharq mamlakatlariga yetkazib berish boʻyicha logistika zanjirlari muhokama qilindi.
Natijalar asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga, shuningdek, mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlarga katta qiziqish bildirgan xorijiy hamkorlar bilan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.