12 Iyun 2023

Dehlida Hindistonning yetakchi savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi xodimlari Hindiston PHDCCI Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarga sarmoya jalb etish, yangi yo‘nalishlarda aloqalar o‘rnatish, ikki davlat ishbilarmonlari vakillarining o‘zaro tashriflari muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida Hindiston tadbirkorlarining O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasi, to‘qimachilik, charm-poyabzal va ipakchilik sanoatiga investitsiyasini oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

1905-yilda tashkil etilgan PHDCCI Savdo-sanoat palatasi Hindiston sanoati, tijorat va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun katalizator hisoblanadi. Mamlakatning 150 mingdan ortiq yirik, o‘rta va kichik korxonalari ushbu tuzilmaga a’zo.