08 Avgust 2023

Dubayda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulligida BAAning «TRIPLANET INC» kompaniyalari Sanjeev Devan va «Karter Brown Global General Trading LLC» Mohammad Nusrat Ali Xon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” muxbiri.

Yig‘ilishda keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi mavqeini mustahkamlash, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar, ularning faoliyatini ta’minlashning normativ-huquqiy bazasi, respublikamizning ilmiy-intellektual, xomashyo va iqtisodiy salohiyati, ko‘p tarmoqli sanoat bazasi, shuningdek, energetika, neft-kimyo, axborot texnologiyalari sohasi, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va bank va moliya sektori kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning katta istiqbollari ta’kidlandi. Amirlik tomoniga eksport va investitsiyaviy salohiyat hamda zargarlik sanoatini rivojlantirish, bu borada olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

“TRIPLANET INC” kompaniyasi rahbari Sanjiv Devan va “Carter Brown Global General Trading” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Muhammad Nusrat Ali Xon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qiziqish bilan kuzatib borayotganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida Sanjiv Devan va Muhammad Nusrat Ali Xon qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Tomonlar kelgusida O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari ishtirokida mazmunli muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldilar.