O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasida Saudiya Arabistonining “Muassasa Ahmad Abdulaziz Sodiq At-Tijaria” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Emad Ahmad Saddiq bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining Saudiya Arabistoniga eksportini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Saudiya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish va tashqi savdoni rivojlantirish borasidagi islohotlar, xorijiy investorlarga berilayotgan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Mamlakatimizdagi to‘qimachilik korxonalari, ularda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatiga ham e’tibor qaratildi.
Kompaniya direktori oʻrinbosari, oʻz navbatida, Oʻzbekiston rahbarining Saudiya Arabistoniga tashriflari chogʻida erishilgan kelishuvlar saudiyalik ishbilarmonlarning qiziqishini oshirganini taʼkidladi. Shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini import qilish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
“O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uzoq tarixga ega. O‘zbek paxtasi va ipakidan tayyorlangan matolar, o‘zbek milliy hunarmandchiligi mahsulotlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Bu borada O‘zbekistondan tayyor kiyim va boshqa mahsulotlar xarid qilishdan manfaatdormiz”, — dedi Emad Ahmad Saddiq.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Saudiya kompaniyasi vakillarining O‘zbekistondan to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlarini eksport qilish masalalarini muhokama qilish uchun ishchi safarini tashkil etishga qaror qilindi.