22 Noyabr 2023

Ar-Riyodda O‘zbekiston-Saudiya biznes va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Ulug‘bek Maqsudov tadbirkor, shahzoda Abdulaziz bin Mitab Al Saud shaxsiy kabinetining katta maslahatchisi Shuayb Bajva bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida biznes va investitsiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik kengayayotgani, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortib borayotgani ta’kidlandi. Saudiya tomoni O‘zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosat, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlar, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi.

Shahzoda Abdulaziz bin Mitab Ol Saud O‘zbekiston bilan neft-gaz, qishloq xo‘jaligi, turizm va infratuzilma sohalarida sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Oʻzbekiston kompaniyalari Saudiya Arabistonida «Saudi Vision 2030» dasturi doirasida «Neom», «The Red Sea», «Murabba», «Roshn», «King Salman park», «Al Ula» va «Line» kabi kompaniyalar tomonidan amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikka taklif etildi.

Yig‘ilishda 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi Saudiyaning “Vision 2030” dasturi bilan hamohang ekani alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Shuaib Bajvaning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish, Saudiya Arabistoni sarmoyalarini mamlakatimizdagi investitsiya loyihalariga jalb etish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.