29 Noyabr 2023

Gamburgda O‘zbekistonning iqtisodiy va sayyohlik salohiyati taqdim etildi

Gamburg shahrida (Germaniya) O‘zbekistonning iqtisodiy va sayyohlik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbir mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligi tomonidan Germaniyaning «LAUREA GERMANIA GmbH» kompaniyasi asoschisi va «Jura One» yuridik maktabi direktori Soeren Krol bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Bosh konsul Olimjon Abdullayev o‘z nutqi davomida yig‘ilganlarni Yangi O‘zbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Xususan, ishtirokchilarga iqtisodiyotni yanada liberallashtirishga qaratilgan jadallashtirilgan tizimli islohotlar haqida ma’lumot berildi, bu esa investitsiya muhitini yaxshilash imkonini berdi.

Soeren Krol, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda biznes yuritish tajribasi va mamlakatimizdagi qulay sarmoyaviy muhit haqida gapirdi, shuningdek, nemis kompaniyalari vakillariga respublika iqtisodiyotiga maqsadli investitsiya kiritish boʻyicha foydali tavsiyalar bilan oʻrtoqlashdi.

Bosh konsullik tomonidan taqdim etilgan O‘zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati taqdimoti yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilarga mamlakatimizning bugungi iqtisodiy rivojlanishi, sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va sarmoyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Ma’ruza va taqdimotlardan so‘ng muhokama bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston-Germaniya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning turli jihatlari muhokama qilindi. Gamburg ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekiston, jumladan, madaniyatimiz, tariximiz, an’analarimiz va diqqatga sazovor joylari haqida kerakli ma’lumotlarni oldi.