13 Mart 2023

Guanchjouda kimyo sanoati sohasida O‘zbekiston-Xitoy hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulligi va Xitoyning «Guangzhou Chemical» kompaniyasi vakillari o‘rtasida mamlakatimiz korxonalari bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatish yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

1976-yilda tashkil etilgan kompaniya kimyo mahsulotlari importi va eksportiga ixtisoslashgan bo‘lib, yillik umumiy aylanmasi 150 million dollardan oshadi.

Uchrashuvda bosh direktor Lin Sie Chingga O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo aloqalari, mamlakatimizdagi qulay investitsiyaviy muhit, eksport salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Guangzhou Chemical kompaniyasi bosh direktori Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini o‘rnatish, biznes yuritish uchun yaratilgan sarmoyaviy imkoniyatlardan foydalanishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.