12 iyun 2023

Guanchjouda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulligi diplomatlari Dongguan xorijiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi boshqaruvi a’zosi Windy Feng va Dongguan zargarlik sanoati assotsiatsiyasi faxriy prezidenti Xayfao Xuan bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida markaz va assotsiatsiya vakillari, aʼzo kompaniyalar rahbarlari 24-25-iyun kunlari Sirdaryo viloyatida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Oʻzbekiston-Xitoy biznes forumida ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga taklif etildi.

Uchrashuvda mamlakatimizda elektrotexnika, xalq iste’moli mollari, to‘qimachilik mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, zargarlik sanoati kabi yo‘nalishlarda loyiha va sarmoyalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Xitoy tomoniga mamlakatimizning turizm, sarmoyaviy imkoniyatlari va eksport salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston ishbilarmonlari va Dungguan ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun markaz imkoniyatlaridan foydalanishga kelishib oldilar.

Tomonlar Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilgan qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini Xitoyning janubiga eksport qilish, shuningdek, Xitoy kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish orqali eksport shartnomalari va hamkorlik shartnomalari tuzishga ko‘maklashishga kelishib oldilar.