24 sentabr 2024

Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida O‘zbekiston hududlari bilan hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida bo‘lib o‘tgan madaniyatlar tutashuvi va ta’lim uyg‘unligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini taqdim qildi, deb xabar qilmoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.

‘‘Global Trade & Technology Council’’ nohukumat tashkiloti va ‘‘Th. Har Narayan Singh Group of Colleges’’ oliy ta’lim muassasasi hamkorligida uyushtirilgan tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda ta’lim yo‘nalishida tadbiq etilayotgan o‘zgarishlar, davlat tomonidan soha vakillariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo’rlik va e’tibor natijalari haqida so‘zlab berildi.

Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik ko‘lamiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Bugungi kunda 5 mingdan ortiq hindistonlik yoshlar O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgani, o‘zbekistonlik yigit-qizlar ham Hindistonda axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, tilshunoslik va boshqa raqobatbardosh yo‘nalishlarda mutaxassislikka ega bo‘layotgani urg‘ulandi. Hindistonning Amiti va Sharda universitetlari, shuningdek, Acharya va Sambhram institutlar guruhlarining O‘zbekistondagi kampuslari muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.

Tadbir doirasida, shuningdek, O‘zbekistonning turizm salohiyati ham keng targ‘ib qilindi. Jumladan, ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 15 ga yaqin aviareyslar yo‘lga qo‘yilgani, ular Toshkent–Dehli–Toshkent va Toshkent–Mumbay–Toshkent yo‘nalishlarida parvoz qilayotgani qayd etildi.

Uttar-Pradesh shtatining Prayagraj va Varanasi shaharlariga safar doirasida ishbilarmon doiralar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida hududlararo hamkorlik aloqalarini faollashtirish, yangi loyihalarni hayotga tadbiq etish, tadbirkorlar delegatsiyalari almashish, qo‘shma biznes forumlar o‘tkazish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi, mamlakatimiz savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, eksport va turizm salohiyati taqdim qilindi.