01 Aprel 2024

Italiyada O‘zbekistonning “Imkoniyatingni qo‘ldan boy berma” ko‘rgazmasi namoyish etiladi

20-aprel kuni Italiyaning Venetsiya shahrida 60-zamonaviy san’at biyennalesi ochiladi. “Chet elliklar har yerda” (Foreigners Everywhere) mavzusidagi biyennalega Adriano Pedrosa kuratorlik qiladi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabariga ko‘ra, pavilonda Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi tomonidan yaratilgan “Imkoniyatingni qo‘ldan boy berma” (Don’t Miss the Cue) ko‘rgazmasi taqdim etiladi.

Loyihada o‘zbekistonlik rassom Aziza Qodiriy ishtirok etadi, pavilon uchun ko‘rgazma yaratish ustida esa u bilan birga Qizlar Collective mo‘yqalam sohibalaridan iborat Toshkent guruhi ishlamoqda.

“Imkoniyatingni qo‘ldan boy berma” ko‘rgazmasi markaziy osiyolik ayollarning tajribalari orqali o‘zlikni anglash, migratsiya jarayonida hayotning past-balandliklarida qanday yo‘l tutish va o‘zlarini qayta anglash kabi mavzularga qaratilgan.

Ko‘rgazma loyihasining g‘oyasi biyennalening belgilangan mavzusi bilan bevosita bog‘liq. “Pavilonga kirishda tashrif buyuruvchilar ko‘rgazmalarga duch kelish barobarida o‘zlarining shaxsiy kechinmalarini anglagan holda migratsiyaning murakkab yo‘lini bosib o‘tadilar. Namoyish buyumlari XX asr boshlarida butun Yevroosiyoda joylashgan madaniy markazlardan ilhomlangan sahna orqasidagi teatr muhitini yaratadi”, — deyiladi xabarda.

Teatrdagi vaziyat an’anaviy liboslar andozalari asosida yaratilgan haykallar bilan jonlanadi va Qizlar Collective rassom ayollar guruhining audiovizual materiallari bilan boyitilgan. Loyiha ayollar hikoyalari, jamoaviy amaliyotlar hamda jismoniy vujud va tevarak-atrof olami o‘rtasidagi murakkab munosabatlarga urg‘u beradi», — deya ta’kidladi jamg‘arma.

Ko‘rgazma, shuningdek, texnologiya va an’ana o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni o‘rganadi. O‘zbekistonga xos qo‘lda tikilgan suzana kashtasi texnologiya va sun’iy intellekt yordamida qayta talqin qilinadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy paviloni ilk bor 17-Venetsiya me’morchilik biyennalesida 2021-yilda taqdim etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston 2022-yildagi 59-biyennale va 2023-yilgi 18-me’morchilik biyennalesida ishtirok etgan. 2024-yilda ilk bor kurator sifatida Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi faoliyat yuritadi.