24 Aprel 2024

Kuala-Lumpurda O‘zbekiston va Malayziya ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Milliy Savdo-sanoat palatasi, Malayziya ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi prezidenti So Tian Lay bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Malayziya tomoniga mamlakatimizda biznes va sarmoyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Ikki davlatning sanoat salohiyatini hisobga olgan holda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat, elektronika va elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yashil energetika kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha 18-may kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi Oʻzbekiston-Malayziya biznes-forumida ishtirok etish uchun potentsial malayziyalik hamkorlarni jalb etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Kelgusida Federatsiya tarkibiga kiruvchi kompaniyalar ishtirokida O‘zbekistondagi qulay investitsiya muhiti va istiqbolli investitsiyaviy takliflar taqdimotini o‘tkazishga qaror qilindi.

Malayziya Milliy Savdo-sanoat palatasi 1962 yilda tashkil topgan boʻlib, 5 ta eng yirik savdo va sanoat palatalarini oʻz ichiga oladi.

Malayziya ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi 1968-yilda mamlakat sanoatining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 3 mingdan ortiq ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar manfaatlarini ifodalaydi.