03 iyun 2024

Kuala-Lumpur shahrida O‘zbekiston-Malayziya hukumatlararo komissiyasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi

29-may kuni Kuala-Lumpurda O‘zbekiston-Malayziya hukumatlararo komissiyasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Ushbu tadbir Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim oʻrtasida 17-may kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar chogʻida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi sifatida tashkil etildi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Malayziya sarmoya, savdo va sanoat vaziri Zafrul Abdul Aziz hamraislik qildi.

Savdo, investitsiya, turizm, axborot texnologiyalari, taʼlim, halol standartlarini joriy etish, sogʻliqni saqlash va tomonlar uchun boshqa ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Muhokamalar yakunida har ikki tomon mutaxassislari ishtirokida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhlar tashkil etish, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha amaliy rejalar ishlab chiqish va tasdiqlash, ularning ijrosini nazorat qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yig‘ilish yakunida Hukumatlararo komissiyaning tegishli bayonnomasi imzolandi va uning ikkinchi majlisini O‘zbekistonda – Xiva shahrida o‘tkazishga qaror qilindi.