26 Iyun 2024

Litvaning Klaypeda shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi

Litvaning Klaypeda shahrida O‘zbekiston savdo uyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.

Tadbirda Litvaning bir qator vazirlik, tashkilot va korxonalari rahbarlari, tadbirkor va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilganlarga O‘zbekistonda sado-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, Litvada ochilgan yangi savdo uyining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Litva Seymi iqtisodiyot masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Kazis Starkevichius o‘z nutqida, bugungi kunda O‘zbekiston mintaqadagi asosiy davlatlardan biri ekanligini va Litva ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi. ‘‘Klaypeda shahrida Savdo uyning ochilishi O‘zbekistonning nafaqat Litva, balki Yevropaning boshqa davlatlari bilan ham o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirishga xizmat qiladi’’, – dedi u.

O‘zbekiston-Litva ishbilarmonlar kengashi hamraisi Albertas Sitavichyus o‘z chiqishida Boltiqbo‘yi davlatlarning eng yirik port shahrida O‘zbekiston Savdo uyining ochilishi o‘zbek mahsulotlari eksport geografiyasini sezilarli darajada kengaytirishga xizmat qilishini aytib o‘tdi. U, shuningdek, Litva logistika kompaniyalari tomonidan yangi tashkil etilgan savdo majmuasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish ortib borayotganini qayd etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan boshqalar ham O‘zbekiston Savdo uyi orqali o‘zbek tadbirkorlarining Litvadagi yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga, milliy mahsulotlarni eksportini oshirishga va mamlakatga investorlarni jalb qilishga amaliy yordam berishini ta’kidlashdi.

Ochilish marosimi doirasida O‘zbekiston va Litva kompaniyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 10 million AQSh dollaridan ziyod eksport shartnomalari imzolandi.

Litvaning Klaypeda shahridagi O‘zbekiston savdo uyi mamlakatimiz Savdo-sanoat palatasi va Litvaning ‘‘Uzterminal’’ kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Savdo uyi Klaypeda davlat portida Litvaning eng yirik logistika va stividorlik ‘‘VEGA’’ kompaniyasi hududida joylashgan. Bugungi kunda ushbu port orqali dengiz va quruqlik orqali dunyoning barcha mamlakatlariga yuk jo‘natiladi. Portning yillik quvvati 70 million tonna yuk o‘tkazish imkoniyatiga ega.