30 aprel 2024

Londonda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya parlamentlararo aloqalarini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi, Frensis Mod Associates (FMA) asoschisi va hamraisi Lord Frensis Mod bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Lord Frensis Mod O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyotini liberallashtirish, xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

Britaniya tomoni FMA kompaniyasi O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan hamkorlik qilish va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga ko‘maklashishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Hamkorlik boʻyicha amaliy qadamlar qoʻyish maqsadida FMA kompaniyasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga ishchi safarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

2016-yilda Buyuk Britaniyada tashkil etilgan FMA rivojlanayotgan mamlakatlarga milliy iqtisodiyotlarini liberallashtirish, soliq tizimini takomillashtirish va davlat sektorini isloh qilishda yordam beradi.