12 Dekabr 2023

Londonda O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov Buyuk Britaniyada bo‘lganida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Bosh kotibi Kazuxiko Koguchi bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlashga alohida e’tibor qaratilib, kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, joriy yil 1-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon iqlim sammiti doirasida YeTTB prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuvida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Kazuxiko Koguchi joriy yilning may oyida Samarqand shahrida YeTTB Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bir qator istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, jumladan, bankning davlat korxonalari va banklarini o‘zgartirish va xususiylashtirishda faol ishtirok etishi, yashil rivojlanish, toza energiya, transport, ayollar va yoshlar tadbirkorligi, shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti, raqamlashtirish va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Aytish joizki, bugungi kunda bankning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyasi 3,5 milliard yevrodan oshdi va loyiha portfelining 60 foizi xususiy sektorga to‘g‘ri keladi.