05 avgust 2023

Madridda Ispaniya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga yo‘naltirilgan tadbirlar doirasida mamlakatimiz vakilining Ispaniya savdo-sanoat palatasi xalqaro boshqarmasi boshlig‘i Xayme Montalvo bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Madriddagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida joriy yil 1-mart kuni Toshkent shahrida ikki davlat hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi doirasida imzolangan «Iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik mexanizmlari haqida»gi Bitimida belgilangan Ispaniya hukumati tomonidan O‘zbekistonga 250 million yevrogacha bo‘lgan imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirish mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish maqsadida ikki tomonning yetakchi kompaniyalari ishtirokida Ishbilarmonlar kengashini tuzish masalasi muhokama qilindi.

X.Montalvo Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan biznes forumida Ispaniyadagi yetakchi kompaniyalarning 50 nafarga yaqin vakili ishtirok etib, O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshiriga katta qiziqish bildirganini taʼkidladi.

O‘z navbatida, Ispaniya kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonga mazkur imtiyozli kredit mablag‘larlarining ajratilishi mamlakatimizda ko‘plab qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi to‘g‘risida fikr bildirilgani ham qayd etildi.

Maʼlum bo‘lishicha, Ispaniya Qirolligining biznes jamoasi dunyoning 25 dan ortiq mamlakatida ishbilarmon doiralar vakillari bilan Ishbilarmonlar kengashlarini tuzgan bo‘lib, hozirgi paytda ular orasida eng faol ishlayotganlar kengashlarning 7 tasi saqlab qolingan.

O‘zbekistonning savdo va investitsiya salohiyati Ispaniya biznes hamjamiyati tomonidan juda jozibali deb baholanayotgani inobatga olingan holda ushbu mamlakatning Savdo-sanoat palatasi davlatlararo Ishbilarmonlar kengashini tuzish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq degan fikrda ekanligini aytdi.   

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 2023-yilning to‘rtinchi choragida mazkur masala yuzasidan ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari vakillari ishtirokida amaliy uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.