28 Mart 2024

Tashqi ishlar vazirligida Xitoyning Sichuan provinsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2024-yilning 28-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov Xitoy Xalq Respublikasi Sichuan provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Tszou Yunsyan bilan uchrashdi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning Xitoy, xususan, Sichuan provinsiyasi bilan hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Hududlararo aloqalarni chuqurlashtirish hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlik uchun mavjud salmoqli salohiyatdan foydalanish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Avtomobilsozlik, “yashil” energiya va “aqlli” qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.