18 Dekabr 2023

Iqtisodiyot va moliya vazirligida “Rönesans Holding” va “Rönesans Healthcare Investment” vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Iqtisodiyot va moliya vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Turkiyaning “Rönesans Holding” kompaniyasi va sog‘liqni saqlash sohasidagi “Rönesans Healthcare Investment” sarmoyaviy kompaniyasi vakillari oʻrtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Odilbek Isoqov ishtirok etdi. Xorijiy tomondan “Rönesans Healthcare Investment” boshqaruvi raisi Kamil Yanikomerog‘lu, “Rönesans Healthcare Investment” bosh ijrochi direktori Kaan Kemal Ekermen, “Rönesans Holding” bosh direktori oʻrinbosari Volkan Hatinog‘lu, “Rönesans Holding”ning Yevrosiyo mintaqaviy direktori Jem Ozog‘uzent, kompaniyaning O‘zbekistondagi ofisi rahbari Murod Bekchanov qatnashdi.

Yig‘ilishning asosiy mavzusi Nurafshon shahrida davlat-xususiy sheriklik doirasida ko‘p tarmoqli klinika qurish imkoniyatlarini muhokama qilish bo‘ldi. Kamil Yanikomerog‘lu loyiha tafsilotlari, jumladan, texnik masalalar, klinikaning dizayni va quvvati bilan tanishtirdi. Bu yerda ko‘plab bemorlarni qabul qilish, shahar va uning atrofidagi hududlar aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

Mazkur loyiha viloyatda sog‘liqni saqlashni rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega bo‘lib, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan.

Tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.