24 oktabr 2025

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Invest Hong Kong bilan uchrashdi

24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Shoxrux Gulamov Gonkong Maxsus Ma’muriy hududi Hukumatining Investitsiyalarni rivojlantirish agentligi – Invest Hong Kong (InvestHK) direktori Alf Lau bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

InvestHK – 2000-yilda tashkil etilgan davlat agentligi bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xalqaro kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash va Gonkongning global moliyaviy markaz sifatidagi maqomini mustahkamlash bilan shug‘ullanadi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasidagi investitsiyaviy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish va investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish bo‘yicha kelishuvlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu hujjatlar uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

Shuningdek, Toshkent-Gonkong yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, vazirlikning Gonkongdagi vakolatxonasini ochish, Gonkong bankining Toshkentdagi filialini tashkil etish hamda o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Gonkongga tashrifi bo‘yicha amaliy jihatlar muhokama qilindi.

Tomonlar biznes aloqalarini rivojlantirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustida ishni davom ettirishga kelishib oldilar.