28 yanvar 2026

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Niderlandiyaning Peterson & Control Union Group kompaniyasining EMEA mintaqasi bo‘yicha direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Niderlandiyaning Peterson & Control Union Group kompaniyasining EMEA mintaqasi (Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika) bo‘yicha direktori Udi Gubay bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Bugungi kunda O‘zbekistonda eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish, mahalliy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi, AQSh va Yaponiya kabi “premium” bozorlarga olib chiqish, shuningdek, xorijiy bozorlarda o‘zbek mahsulotlarining barqaror milliy imijini shakllantirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv davomida mamlakatning meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish salohiyati, shuningdek, xalqaro sifat va sertifikatlash talablarini inobatga olgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish hajmlarini Yevropa Ittifoqi bozorida kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, Peterson & Control Union Group kompaniyasining O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘yish istiqbollari, jumladan, respublikada faoliyat yuritayotgan AgroLab laboratoriyasi negizida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha ehtimoliy loyihani amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.