22 Dekabr 2023

ISSVda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Sharlotta Adrian bilan uchrashdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati. Tomonlar asosiy eʼtiborni ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, 2024-yilga moʻljallangan tadbirlar jadvalini koʻrib chiqishga qaratdilar.

Muloqotda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Xususan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar sonining ortishi kuzatildi.

Sarmoyaviy sheriklik, sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rag‘batlantirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

Mahalliy eksportchilar tomonidan “GSP+” benefitsiar-mamlakati maqomidan samarali foydalanish boʻyicha faol hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, Oʻzbekistonning JSTga jadal kirishiga koʻmaklashish boʻyicha kelishuvga erishildi.

2023-yilning 10 oyi davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,8 milliard dollarni (+36 foiz) tashkil etdi. Mamlakatimiz “GSP+” benefisiar maqomini olgani tufayli 2021-yildan buyon Yevropa Ittifoqiga eksport hajmi 1,5 barobar oshdi, o‘zbekistonlik eksportyorlar import bojlari bo‘yicha 28 million yevroni tejab qolishga muvaffaq bo‘ldi.