2024-yilning 24-iyul kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Birlashgan Arab Amirliklarining ‘‘Silal’’ kompaniyasi bosh ma’muriy direktori Humaid Al Rumayti bilan uchrashdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
‘‘Silal’’ 2020-yilda tashkil etilgan va BAAdagi ADQ xolding kompaniyasining sho‘ba korxonasidir. Meva va sabzavotlarni yetistirish, marketing olib borish va sotish bo’yicha yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ‘‘Silal’’ 10 dan ortiq qadoqlash va tarqatish punktlarini boshqaradi va har yili 100 ming tonnadan ortiq meva, rezavorlar va sabzavotlar yetishtiradi, shuningdek, Carrefour, Lulu va Coop supermarketlar tarmoqlariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradi.
Uchrashuv davomida kompaniya vakillariga Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohasida investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun yaratilgan imkoniyatlar taqdim etilib, yangi, istiqbolli loyiha tashabbuslari taklif etildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni mamlakatimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhitini yuqori baholadi hamda meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash, BAA va Yaqin Sharq bozorlariga talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berish zanjirlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.