23 Avgust 2023

Pekinda zargarlik sohasida O’zbekiston-Xitoy hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi

Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida Xitoy qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari savdosi assotsiatsiyasi bosh kotibining o’rinbosari Chjan Likuy bilan uchrashuv bo’lib o’tdi, deb xabar beradi «Dunyo»axborot agentligi muxbiri. 

Uchrashuvda O’zbekistonda zargarlik sanoatini har tomonlama rivojlantirish, sohaga zamonaviy bilim va texnologiyalarni keng jalb etish, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish bo’yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishga e’tibor qaratildi.

Xitoy tomoniga mamlakatimizda zargarlik sanoatida olib borilayotgan islohotlar, bu sohada hamkorlik qilish imkoniyatlari va xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

«O’zbekzargarsanoati» uyushmasi va Xitoyning qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari savdosi assotsiatsiyasi o’rtasida hamkorlikni yo’lga qo’yish taklif qilindi.

Muzokaralar davomida bir qator o’zaro manfaatli yo’nalishlar bo’yicha hamkorlik istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.