Mamlakatimizning Riga shahridagi elchixonasi tomonidan Latviya investitsiyalar va taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda “Doing business with Uzbekistan” biznes-forumi tashkil etildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT-Park Uzbekistan delegatsiyasi vakillari, Latviyaning «Cleantech Latvia», «BAO Resourses», «Latvia Packing», «Freightman», «Unimars group», «Corporate Solutions» kabi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda iqtisodiyot, sanoat, investisiya va savdo sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqida ma’lumot berildi. 2-3-may kunlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan III Toshkent investitsiya forumiga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Latviya kompaniyalari tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda biznes yuritish, yangi kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha o‘z tajribalari, xorijlik tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, investorlar foydalanishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi.
Latviyaning “Cleantech Latvija” ekologik klasteri bosh direktori Eviya Pudane o‘z nutqida bugungi kunda O‘zbekistonda biznes yuritish uchun barcha shart-sharoit yaratilganini ta’kidladi. Mamlakat hukumati tomonidan tadbirkorlikka alohida e’tibor qaratilayotgani, investorlar uchun sezilarli imtiyozlar berilayotgani O‘zbekistonni xalqaro kompaniyalar uchun juda jozibador qiladi.
B2B muzokaralari doirasida Cleantech Latvia, BAO Resources, Unimars group va Art Soft kompaniyalari rahbarlarining Oʻzbekistonga tashriflarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Ular Oʻzbekistonning manfaatdor vazirlik va idoralarida uchrashuvlar oʻtkazib, IT-texnologiyalari, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va togʻ-kon sanoati sohasidagi investitsiya loyihalarini, shuningdek, Latviyaga oʻzbek tovarlarini olib kirish masalalarini muhokama qiladilar.