19 oktabr 2026

Samarqandda “C5+1” formatidagi keng ko‘lamli ishbilarmonlik dasturiga start berildi

19-oktabr kuni Samarqand shahrida AQSh Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi Amerika delegatsiyasining tashrifi doirasida “C5+1” formatidagi ishbilarmonlik dasturiga start bergan Welcome & Orientation kirish sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi ishtirokida tashkil etilgan tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQShning hukumatlari, tegishli idoralari, yetakchi xalqaro kompaniyalari hamda ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirdi.

Sessiyani ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov mehmonlarni Samarqandda qutlab, Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ko‘lami tobora kengayib borayotganini ta’kidladi. Ishbilarmonlik dasturida 400 dan ortiq kompaniya, jumladan, 100 dan ziyod Amerika kompaniyasi, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan 100 ta kompaniya hamda O‘zbekistonning 200 ta yetakchi korxonasi vakillari ishtirok etmoqda. Vazir qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, AQSh savdo vaziri yordamchisi Devid Fogel tabrik so‘zi bilan chiqdi. Amerikaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari — Rafael Santana (Wabtec), Jenni Jonson (Franklin Templeton), Mark Kristoff (Traxys) va Devesh Sharma (Aquatech) mintaqadagi ishbilarmonlik imkoniyatlari yuzasidan o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ishtirokchilarga oltita tarmoq yo‘nalishini qamrab olgan tadbirlar dasturi taqdim etildi: raqamli texnologiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash, mineral resurslar va tog‘-kon sanoati, energetika va transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik, moliya va investitsiyalar.

Mavzuli sessiyalar bilan bir qatorda, kompaniyalar va davlat tuzilmalari investitsiya takliflari, texnologik hamkorlik hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish shartlarini muhokama qilishlari uchun bevosita B2B va B2G muzokaralari ham rejalashtirilgan.

Kirish sessiyasida kelgusi ishbilarmonlik dasturining asosiy ustuvor yo‘nalishlari — savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish hamda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini shakllantirish belgilab olindi.