Samarqandda BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovga turizm industriyasiga sarmoya kiritish bo‘yicha maxsus qo‘llanma — «Tourism doing business. Investing in Uzbekistan» kitobi topshirildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
Tadbir “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida UNWTO Bosh Assamleyasi 25-sessiyasi dasturidan o‘rin olgan Global investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, “Investing in Uzbekistan” sarmoyadorlar, siyosatchilar va manfaatdor tomonlar uchun mo‘ljallangan keng qamrovli manbadir. Bu barqaror va inklyuziv turizm sektorini rivojlantirish uchun asosli qarorlar, strategik investitsiyalar va hamkorlikdagi harakatlar uchun yo‘l ochadi.
Tadbirda dunyoning 160 davlatidan turizm vazirlari, xorijiy investorlar, turizm va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xususiy sektor, respublika vazirlik va idoralari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev turizmni milliy iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida belgilab berdi. Turizm sohasiga investitsiyalarni keng jalb etishni ta’minlash maqsadida xususiy sektorning mehmonxonalar qurilishi va boshqa infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritishini rag‘batlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. “Ipak yo‘li” sayyohlik brendi, soliq imtiyozlari va keng qamrovli islohotlar O‘zbekistonni jozibador “turizm investitsiya loyihasi”ga aylantirishi shubhasiz. Xalqaro biznes va investitsiyalarni jalb etishda sezilarli natijalarga erishish “Invest in Uzbekistan” brendining o‘ziga xos belgisiga aylandi, – dedi A.Abduhakimov.
O‘z navbatida Z.Pololikashvili qo‘llanmada O‘zbekistonning ulkan sarmoyaviy salohiyati qayd etilganini ta’kidladi.
«Qo‘llanma Butunjahon turizm tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Turizm qo‘mitasi bilan yaqin hamkorlikda tayyorlandi. Nashr O‘zbekistonning ulkan, lekin ko‘pincha foydalanilmayotgan sayyohlik salohiyatini ko‘rsatib beradi”, — dedi Bosh kotib.
Tadbirda investitsiya qo‘llanmasini UNWTO Ijrochi direktori Natalya Bayona taqdim etdi. U O‘zbekistonda investitsiya imkoniyatlari uchun katta imkoniyatlar va qulay muhit mavjudligini ta’kidladi.
“O‘zining boy madaniy merosi bilan ajralib turadigan O‘zbekiston qisqa vaqt ichida turizmning asosiy yo‘nalishiga aylanib bormoqda. Qo‘llanmada O‘zbekiston turizm sektorining sarmoyaviy landshaftini tubdan anglash uchun asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari, investitsiya tendensiyalari va siyosat dinamikasi tahlil qilingan”, — dedi u.
Ta’kidlash joizki, “Tourism doing business. Investing in Uzbekistan” (“O‘zbekistonda turizm, biznes yuritish, sarmoya kiritish”) qo‘llanmasida mamlakatning so‘nggi o‘n yil ichida ochiq va bozor iqtisodiyotiga o‘tgan ta’sirchan o‘zgarishlari ta’kidlangan. Kitobda mamlakatning boy tabiiy resurslari va madaniy merosi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI) uchun taklif etilayotgan jozibador rag‘batlantirish sxemalari bilan to‘ldirilib, qanday qilib qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishi tasvirlangan.
“O‘zbekiston turizmining asosi bu madaniy meros obyektlari hisoblanadi. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlaridagi tarixiy maskanlar o‘zining rang-barangligi bilan odamlarning etiborini o‘ziga tortadi. Qisqa qilib aytganda, qadimiy “Ipak yo‘li”ning muhim bo‘lagi bo‘lgan O‘zbekiston bo‘ylab sayohat turistlarni yangi sarguzashtlarga ilhomlantiradi. Bugungi kunga kelib, turizmning har bir yo‘nalishini O‘zbekistonda mavjud imkoniyatlar asosida eng yuqori nuqtaga olib chiqish uchun ishlanmoqda. O‘zbekistonning turizm sohasi uchun investitsiya maqsadimiz 3 milliard dollarni tashkil etadi. Global miqyosda gapiradigan bo‘lsak, bu unchalik katta mablag‘ emas: o‘tgan oy Londonda ochilgan “The Peninsula” mehmonxonasi dunyodagi birinchi milliard dollarlik mehmonxona loyihasi ekanligini tushunaman va sizni ishontirib aytamanki, biz yaqin yillarda uchtadan ortiq mana shunday mehmonxonalar qurishni rejalashtirmoqdamiz”, deb aytib o‘tdi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev.
“Ipak yo‘li” davlati sifatida tanilgan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazidagi strategik geografik joylashuvi va qit’alar o‘rtasida sayohat hamda savdoni osonlashtiradigan yaxshi rivojlangan infratuzilmasi bilan ajralib turadi.
Qo‘llanma uchun ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining Investitsiya departamenti tomonidan ishlab chiqilgan va nashrga taqdim etilgan.