06 Dekabr 2023

Samarqandda O‘zbekiston-Belarus Hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5-dekabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va va Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Leonid Zaytsev hamraisligida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida ISSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda ikki mamlakat vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari hamda moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida sanoat kooperatsiyasi, transport aloqasi, qishloq xoʻjaligi, hududlararo sheriklik, sogʻliqni saqlash, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik kabi sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Xususan, savdo va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan konstruktiv fikr almashish doirasida Bir qator investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini birgalikda amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Shu yo‘nalishda 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni va tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron tizimidan foydalanish to‘g‘risida bitim ishlab chiqish bo‘yicha rejalar kelishib olindi. Tomonlar, shuningdek, yaqin kelajakda Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi hududlararo forumi hamda O‘zbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldilar.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Qurilish materiallari, farmatsevtika mahsulotlari, mebel, trikotaj va charm-moʻyna mahsulotlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat, kartoshkachilik, chorvachilik, baliqchilik va boshqa sohalarni rivojlantirish boʻyicha qator yangi qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishni nazarda tutgan holda iqtisodiy oʻsish nuqtalari belgilandi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasida Belarus tibbiyot muassasalarining ikkita filialini tashkil etish, shuningdek, innovatsiyalar bilan almashish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, dori vositalarini o‘zaro yetkazib berish va birgalikda ishlab chiqarish sohasidagi loyihalar amalga oshirish, malaka oshirish dasturlarini joriy qilish, oliy o‘quv yurtlari va sog‘liqni saqlash tizimining hududiy boshqarmalarida stajirovka va akademik almashinuv kurslarini tatbiq etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Yig‘ilish yakunida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil rivojlantirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, Hukumatlararo komissiyasi 10-yig‘ilishining yakuniy bayonnomasi hamda o‘simliklar karantini sohasida axborot tizimlarini integratsiyalash to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.