Joriy yilning 16-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Agzamxodjayev Turkiya Buyuk millat majlisi deputati, “Turkiya–Oʻzbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi Osman Mesten boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar bermoqda Senat ,atbuot xizmati.
Unda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi parlamentlararo muloqotni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat Prezidentlarining qatʼiy siyosiy irodasi va oʻzaro ishonchga asoslangan doʻstona munosabatlari tufayli Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida keng qamrovli strategik hamkorlik izchil rivojlanib borayotganligi qayd etildi.
Suhbat chogʻida parlamentlararo hamkorlik guruhlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, hududlar oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash muhimligi aʼlohida taʼkidlandi.
Shuningdek, iqtisodiy diplomatiya vositalaridan samarali foydalanish, turkiy dunyo ishbilarmonlar uyushmalari bilan hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ustuvor eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi.