O‘zbekiston Bosh konsulligida Xitoy Xalq hukumati Anxoy provinsiyasi tashqi ishlar departamenti bosh direktori o‘rinbosari Sialing Yan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Syaling Yan Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini qayd etib, so‘nggi yillarda oliy darajada erishilgan kelishuvlar muhimligini ta’kidladi.
Anxoy provinsiyasi vakili muqobil energiya, yangi avlod avtomobillari ishlab chiqarish, oliy taʼlim, innovatsiyalar, farmatsevtika sohalarida hamkorlik koʻlamini kengaytirish, qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish tomonlar uchun birdek ustuvor ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, tomonlarning mavjud sayyohlik salohiyatini hisobga olgan holda O‘zbekiston va Anxoy provinsiyasining yetakchi sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishchi aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuvda Anxoy provinsiyasi va respublikamiz viloyatlari o‘rtasida joriy yilga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar va tashriflar rejasi yuzasidan fikr almashildi.