Oʻzbekiston diplomatlari Shanxay xalqaro savdoni rivojlantirish boʻyicha shahar kengashi raisi Chjou Minxao bilan uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda investitsiyalarni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Shanxay hududlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik, jumladan, Oʻzbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga koʻmaklashish masalalari muhokama qilindi.
Chjou Minxao oʻtgan yil davomida tomonlar oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashganini, xususan, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning, shuningdek, Toshkent shahar, Samarqand viloyati va boshqa viloyatlar hokimliklari delegatsiyalarining Shanxayga tashriflari yakunlari boʻyicha Shanxayning yirik kompaniyalari vakillari bilan samarali uchrashuvlar oʻtkazilganini taʼkidladi. Muzokaralar yakunida sarmoyaviy sheriklikni kengaytirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlar oʻtkazish, ikki mamlakat ishbilarmon delegatsiyalarining tashriflarini almashish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.