Joriy yilning 17-may kuni Xitoy Xalq Respublikasining qadimiy poytaxti Sian shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning XXRga rasmiy tashrifi arafasida O‘zbek – Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati. Ushbu forumda mamlakatimizning uzoq muddatli hamkorlari singari, O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor bo‘lgan Xitoyning 400 dan ortiq yirik kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov forum ishtirokchilariga kirish so‘zi bilan murojaat qilar ekan, ishbilarmon doira vakillarining o‘zaro manfaatlarini, sheriklik munosabatlarini o‘rnatishga bo‘lgan qat’iy munosabatini yuqori baholadi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar izchil sur’atda o‘sib kelayotganligi ta’kidlandi. 2022-yil oxirida tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga oshib, rekord darajadagi 9 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, ikki davlat Rahbarlari bu ko‘rsatkichni joriy yilda 10 milliard dollarga yetkazish bo’yicha aniq vazifani qo‘ydilar, bunga esa birgalikdagi sa’y-harakatlar va muvofiqlashtirilgan tadbirlar orqali erishish mumkin.
Investitsiyaviy yo‘nalishda ham barqaror o‘sish kuzatilmoqda. 2017-yildan buyon o‘zlashtirilgan Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi 5 baravarga oshib, 11 milliard dollarni tashkil etdi. 2022-yilning o’zidayoq Xitoy sarmoyasining 2,2 milliard dollari o‘zlashtirildi. O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil ichida XXR bilan qo‘shma korxonalar soni 3 barobarga oshdi.
Xitoy ishbilarmon doira vakillari O‘zbekistonda ijobiy tarkibiy o‘zgarishlar va biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan atroflicha tanishtirildi. Investorlar uchun soliq va bojxona imtiyozlarini joriy etish, ixcham davlat apparatini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish, investorlar bilan ishlashda “yagona oyna” tamoyilini joriy etish, xususiy mulkni konstitutsiyaviy himoya qilish va sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash singari sharoitlar katta qiziqish uyg‘otdi.
So‘zga chiqqanlar xitoylik tadbirkorlarni yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanishga chaqirdi. Bu yo’nalishda hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida avtomobilsozlik, jumladan, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, yashil energiya, qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavotlarni qayta ishlash sohalari belgilandi. Shuningdek, elektrotexnika, farmatsevtika, kimyo sohalarida hamkorlik katta salohiyatga ega ekanligi aytib o’tildi.
Forum davomida birgalikda amalga oshirish uchun oʻnlab turli soha va yoʻnalishlarni qamrab olgan aniq loyihaviy taklif va tashabbuslari taqdimoti boʻlib oʻtdi. Forum ishtirokchilari bo‘lajak hamkorlikni tashkil etilgan “B2B” va “G2B” muzokaralari doirasida batafsil muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunlari bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.