09 oktabr 2026

Sietlda O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish loyihasi muhokama qilindi

O‘zbekiston Bosh konsuli Ahror Burhonov Sietl shahrining Iqtisodiy rivojlanish departamenti direktori Beto Yarce bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida tomonlar savdo va investitsiyalarni rivojlantirish, Toshkent va Sietl o‘rtasida kasbiy tajriba almashish, shuningdek, kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Takliflardan biri Sietlda O‘zbekiston–Sietl biznes-forumini o‘tkazishdan iborat bo‘ldi. Forum doirasida O‘zbekistonning investitsiyaviy va eksport salohiyatini namoyish etish, B2B uchrashuvlarini tashkil etish hamda aniq savdo va investitsiya loyihalarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Texnologiyalar, sun’iy intellekt, sog‘liqni saqlash, toza energetika, aerokosmik sanoat va logistika sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalarga alohida e’tibor qaratildi. Sietl shahrining Iqtisodiy rivojlanish departamenti forumda ishtirok etishga qiziqish bildirgan biznes vakillarini jalb qilishda ko‘maklashishi mumkin.

Tomonlar, shuningdek, Toshkent shahri hokimining Sietlga rejalashtirilgan tashrifini muhokama qildilar. Tashrif dasturiga shahar ma’muriyati, biznes vakillari, “Seattle Office of Economic Development” va “Greater Seattle Partners” tashkilotlari bilan uchrashuvlarni kiritish rejalashtirilmoqda.

Startaplar o‘rtasidagi hamkorlik ham alohida yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston kompaniyalari va startaplarini Sietldagi akseleratorlar, biznes-inkubatorlar hamda investorlar bilan bog‘lash, shuningdek, Toshkent va Sietl o‘rtasida tadbirkorlar almashinuvi dasturini yaratish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari logistika va havo orqali yuk tashishni rivojlantirish, jumladan, mahsulotlarni har ikki yo‘nalishda yetkazib berish, aviakompaniyalar va logistika operatorlari bilan hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildilar.

Sietl AQShning eng yirik texnologik va innovatsion markazlaridan biri bo‘lib, bu yerda Amazon, Microsoft, Boeing, Costco va Starbucks kompaniyalari faoliyat yuritadi. Oxford Economics baholashiga ko‘ra, 2025-yilda Sietl aglomeratsiyasining yalpi ichki mahsuloti 632 milliard AQSh dollarini tashkil etgan, Global Cities Index 2026 reytingida esa shahar dunyoning 1 000 ta shahri orasida to‘rtinchi o‘rinni egallagan.