Podrobno.uz muxbirining xabariga ko’ra, Italiyaning “Yevrosiyoni o’rganish” notijorat assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamkorligida 2023-yilning 2- va 3-noyabr kunlari XVI Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumi o‘tkaziladi. Tadbir “Silk Road Samarkand” sayyohlik markazida bo‘lib o‘tadi.
Forum biznesga yo’naltirilgan bo’lib, u erkin muloqot, ishbilarmonlik aloqalari va muhokamalar uchun noyob shart-sharoitlarni yaratadi. Tadbir formati o‘nlab mamlakatlarning xususiy va davlat kompaniyalari vakillariga bir-birlari bilan uchrashish va keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini beradi. Bunday muloqotlar hozir ayniqsa talabga aylanib bormoqda.
Ikki kun davomida tematik sessiyalarda yirik kompaniyalar va moliya institutlarining yuqori mansabdor shaxslari, siyosiy va jamoat arboblari, ekspertlar, Yevropa va Osiyo davlatlaridan diplomatlar, turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari so‘zga chiqadi.
Forum davomida uning madaniy dasturi doirasida 30 yildan ortiq vaqtdan beri ko‘plab mamlakatlar tomoshabinlarini Italiya kinosining eng so‘nggi yangiliklari bilan tanishtirib kelayotgan «N.I.C.E» yangi italyan kinosi kinofestivali bo‘lib o‘tadi. «Sanremo yulduzlari» kontsertida mashhur italiyalik ijrochilar chiqish qiladi. Shuningdek, qardosh shaharlar hisoblangan Florensiya va Samarqandning kulolchilik buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Konsert va ko’rgazmaga kirish bepul bo’ladi.
Unda o‘nlab mamlakatlardan mingga yaqin kishilar, xususan, Italiyadan O‘zbekiston bilan biznes yuritish va o‘zbek ishbilarmonlari bilan aloqa o‘rnatishga qiziquvchi yirik tadbirkorlar delegatsiyasi tashrif buyurishi kutilmoqda.
Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumi 2007-yildan beri Italiyada (Verona) oʻtkazib kelinmoqda. 2022-yilda tadbirga mezbon davlat Ozarbayjon (Boku) bo‘lgan. 2023-yilda Samarqand XVI Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumini o‘tkazish joyi sifatida tanlandi, u asrlar davomida Ipak yo‘lining tan olingan markazi, madaniyatlar chorrahasi, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilgan.
Forumda ishtirok etish bepul, tadbir veb-saytida ro’yxatdan o’tish zarur.