13 avgust 2026

Istanbulda O‘zbekiston-Turkiya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligining yangi loyihalari muhokama qilindi

Mamlakatimiz Bosh konsulxonasida Turkiyaning «Dosso Dossi» kompaniyasi vakili Kerim Demirturk bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuv davomida kompaniyaning ko‘p tarmoqli faoliyati, jumladan, erkaklar va ayollar kiyimlarini ishlab chiqarish hamda ulgurji savdosi, shuningdek, turizm va qurilish sohalaridagi tajribasi haqida ma’lumot taqdim etildi.

Tomonlar «Dosso Dossi» kompaniyasining O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, to‘qimachilik va yengil sanoat sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, hududlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kompaniya vakili O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga chiqishga qiziqish bildirganini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekistonning sanoat va ishlab chiqarish zonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish, mahalliy xomashyo va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda yuzlab yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan loyihalarni o‘rganishga tayyor ekanini bildirdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda ko‘rib chiqish hamda «Dosso Dossi» kompaniyasi, tegishli tashkilotlar va O‘zbekiston tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.