01 avgust 2024

Toshkentda Tatariston bilan hamkorlikda O‘zbekistonda elektropoyezdlar, yo‘lovchi vagonlari va metro vagonlarini ishlab chiqarish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Oleg Korobchenko boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

O‘zbekiston Transport vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda transport injiniringini rivojlantirish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Xususan, elektropoyezdlar, yoʻlovchi vagonlari va metro vagonlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma quvvatlarni yaratish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarini chuqur mahalliylashtirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.