26 Aprel 2023

Toshkentda Oʻzbekiston–Rossiya ishbilarmonlar kengashining 7-yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 26-aprel kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston–Rossiya va Rossiya–Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashining 7-qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbir “INNOPROM. Markaziy Osiyo 2023” Xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida boʻlib oʻtdi. Bu haqida SSP matbuot xizmati xabar beradi.

Oʻzbekiston–Rossiya ishbilarmonlar kengashi ikki mamlakat biznes doiralari orasida oʻzaro manfaatli sheriklik munosabatlarini oʻrnatish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, hamkorlik yoʻlida yuzaga keladigan masalalarga yechim topish maqsadida 2005-yilda Oʻzbekiston va Rossiya Savdo-sanoat palatalari negizida tashkil etilgan.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari J.Xoʻjayev, Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining oʻrinbosari, sanoat va savdo vaziri D.Manturov, Savdo-sanoat palatasi raisi — Oʻzbekiston–Rossiya ishbilarmonlar kengashi rahbari D.Vaxabov, “ER-Telecom Holding” AJ prezidenti — Rossiya–Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashi rahbari A.Kuzyayev, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari X.Teshaboyev, Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Volvach, Rossiya–Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashi aʼzosi, Janubiy Ural SSP prezidenti F.Degtyarev va boshqalar ishtirok etdi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning eng dolzarb va istiqbolli yo’nalishlari haqida to’xtalib, O‘zbekiston va Rossiya mintaqalarining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati haqida so‘z yuritdilar.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yil yakunlariga koʻra Rossiya Oʻzbekistonning asosiy savdo sherigi boʻldi. ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 9,2 milliard dollarni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 22,9 foizga oʻsdi.

Uchrashuvda tadbirkorlikka amaliy yordam koʻrsatish imkonini beruvchi ishbilarmonlar kengashlari orqali hamkorlikni yanada rivojlantirishga ham eʼtibor qaratildi. Zero, kengashlar oʻzaro hamkorlikning aniq masalalarini hal etish bilan birga, shartnoma majburiyatlari bajarilishini taʼminlashga intiladi, bu esa har ikki davlat manfaatlariga toʻliq javob beradi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston–Rossiya ishbilarmonlar kengashining oʻtgan davrdagi faoliyati yakunlari hamda kelgusi davrdagi vazifalari, tashqi savdo hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlari hamda ikki mamlakat korxona va tashkilotlari oʻrtasidagi tarmoqlararo hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.