28 yanvar 2026

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Avstriya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

27-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Avstriya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati. Unga O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shoxrux Gulamov, Avstriya tomonidan esa Avstriya Iqtisodiyot, energetika va turizm vazirligining tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti rahbari Elizabet Vayssenbyok boshchilik qildi.

Yig‘ilish davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati hamda uni kengaytirish istiqbollari, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, shuningdek, transport va logistika, energetika va “yashil” texnologiyalar, raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, turizm, tog‘-kon sanoati hamda agro-sanoat majmuasi sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ikki tomonlama savdoda barqaror ijobiy dinamika qayd etildi. 2025-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 261 mln AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37,6 foizga oshdi.

Yig‘ilish yakunida tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirib, o‘zbek-avstriya iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilovchi bayonnomani imzoladilar.