Joriy yilning 22-aprel kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashkil qilingan “Innoprom. Markaziy Osiyo» Xalqaro sanoat ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati. Tadbirda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlar vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, viloyat hokimliklari rahbarlari, ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisda ikki mamlakat delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturovlar rahbarlik qildi.
So‘zga chiqqanlar o‘z nutqlarida turli mamlakatlar hududlari va biznes vakillari o‘rtasida bevosita ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashda samarali maydonga aylangan mazkur xalqaro ko‘rgazmani o‘tkazish muhimligini alohida ta’kidladilar. Ko‘rgazmaga ishbilarmonlarning qiziqishi ham ortib bormoqda: shu yilda tadbirda 10 mingdan ortiq kishi, 450 taga yaqin xorijiy kompaniya va 27 davlatdan ishbilarmon delegatsiyalar ishtirok etdmoqda.
Xalqaro va hududlararo munosabatlarning izchil rivojlanishi ham kuzatilmoqda. Ochiq savdo, investitsiyalar va transport-kommunikatsiya maydoni shakllanmoqda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, mamlakatlar hududlari o‘rtasidagi aloqalar kengaymoqda, madaniy-gumanitar aloqalar chuqurlashmoqda.
Metallurgiya, energetika, neft-kimyo, farmatsevtika va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kelgusidagi hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligida kooperatsiyani rivojlantirish istiqbollari alohida qayd etildi. Bunda innovatsion qishloq xoʻjaligi texnologiyalari, qayta ishlash korxonalari, mahsulotlarni saqlash terminallari va rivojlangan logistikatizimlariga ega boʻlgan qoʻshma agrosanoat klasterlarini tashkil etish nazarda tutildi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonga investitsiyalar kiritish, loyihalarni hayotga tatbiq qilish va yanada rivojlantirish, shuningdek, uchinchi davlat bozorlariga eksport qilish uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha yaratilgan qulay sharoitlar e’lon qilindi.
To‘qimachilik sanoatida hamkorlikni faollashtirish zarurligiga ham e’tibor qaratildi. Ishlab chiqaruvchilar va chakana sotuvchilarga o‘zaro manfaatli fyuchers shartnomalarini tuzish imkoniyatini beruvchi elektron savdo maydonchalarini yaratish istiqbollari qayd etildi. To‘qimachilik korxonalari mahsulotlarining doimiy qo‘shma ko‘rgazmalarini tashkil etish ham bu borada katta ahamiyat kasb etishi mumkin.
Tadbir ishtirokchilariga samarali natijalarga erishishni tilab, so‘zga chiqqanlar ishtirokchi-mamlakatlarning ishbilarmon doiralarini ko‘rgazmaning barcha imkoniyatlaridan foydalanishga, belgilangan tarmoqlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli shartnoma va bitimlar tuzishga chaqirdilar.
Yalpi majlis yakunida ekspozitsiyalar bo‘ylab sayohat bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchi mamlakatlar delegatsiyalari vakillari yetakchi ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan keng turdagi innovatsion mahsulotlar bilan tanishdi.
Ko‘rgazmaning birinchi kuni dasturida “Markaziy Osiyoda sanoat kooperatsiyasi: hududlarga e’tibor”, “Alyuminiy yechimlari asosida tarmoqlararo integratsiya”, “Neft va gaz sanoatida texnologik hamkorlik: eng yaxshi amaliyotlar, kadrlar va investitsiyalar”, “Yashil chiroq: ekologik toza transportning rivojlanishi transport va turizm sanoatini qanday o‘zgartirmoqda” va boshqa mavzularida plenar munozaralar o‘rin olgan.
Ko‘rgazma doirasida B2B uchrashuvlari o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar mustahkam aloqalar o‘rnatish, yangi loyihalar va kelgusi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ko‘rgazma 24-aprelga qadar davom etadi.