Joriy yilning 7 noyabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Germaniya-Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida vazirlik va idoralar, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi SSP matbuot xizmati.
Germaniya-Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Germaniya va Yevroosiyo mamlakatlari oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor boʻlgan oʻrta (oilaviy) kompaniyalar va barcha sohalardagi faol shaxslar va professional guruhlarining mustaqil, partiyasiz vakilidir.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Germaniya delegatsiyasi ishtirokchilari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik sarmoyaviy loyihalarni taqdim etish va muhokama qilish, shuningdek, hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashdan iborat.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov va Germaniya-Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi prezidenti Tomas Overbek kirish so‘zi bilan tadbirni ochib berdi.
Tadbirda Germaniyaning mashinasozlik, metallga ishlov berish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, sanoat chiqindilarini qayta ishlash va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi
17 ta kompaniya vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmonlari o‘rtasida B2B muzokaralari o‘tkazilib, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Germaniya-Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda ilmiy-texnikaviy aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Yakunda tomonlar muzokaralar natijalaridan mamnun ekanliklarini bildirib, qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Tashrif doirasida Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodi, hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurish rejalashtirilgan.