O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Jamil Maksudi AQSHning “37 Oaks” xalqaro taʼlim kompaniyasi Bosh direktori Terrand Smit bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda SSP matbuot xizmati.
37 Oaks — biznesni rivojlantirish va strategiya bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro taʼlim va konsalting kompaniyasi. U tadbirkorlarga taʼlim, kouching va amaliy vositalar orqali biznesni samarali masshtablashda yordam beradi.
Xususan, Walmart va Costco kabi yirik xalqaro riteylerlar bilan amaliy hamkorlik tajribasi kompaniyaning yuqori darajadagi ekspertizaga egaligini namoyon etadi.
Uchrashuv davomida tomonlar mamlakatda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, ularni transformatsiya qilish hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan strategik hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ushbu dasturlarni mamlakat miqyosida joriy etishda milliy platforma sifatida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirib, tadbirkorlarni zamonaviy bilimlar, xalqaro tajriba va ilg‘or amaliyotlar bilan taʼminlash muhimligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda biznes raqobatbardoshligini oshirish, barqaror va daromadli korxonalarni rivojlantirish maqsadida pilot taʼlim va akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.