06 Noyabr 2023

O‘zbekistonda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi

8-9-noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tadi, deb xabar beradi davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

Tadbirda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyaning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Kun tartibiga muvofiq, IHT doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Sammit dasturi doirasida O‘zbekiston yetakchisi qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Ta’kidlash joizki, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga 1985-yilda asos solingan, uning doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyati Tehron shahrida joylashgan.

O‘zbekiston Respublikasi 1992-yildan boshlab IHT a’zosidir.