13 Noyabr 2023

O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilmoqda

Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni “Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi, deb xabar beradi Spot, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasiga tayanib.

Unda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan resurslarning yetishmasligi qayd etilgan. Hujjat bilan, muqobil moliyaviy vositalarni, xususan, tadbirkorlik loyihalariga ulush kiritish va xizmatlar ipotekasini joriy etish chora-tadbirlari belgilandi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” sifatida qayta tashkil etiladi. Uning ta’sischisi, avvalgidek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘ladi.

Kompaniya faoliyati kichik va o‘rta tadbirkorlikning innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi mahsulotlar yaratish va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish kabilarga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, o‘z o‘zini band qiluvchilarga moliyaviy ko‘maklashilib, xizmatlar ko‘rsatish, mahsulot ishlab chiqarish hamda yetishtirish sohalarida “yashil” va energiya tejovchi texnologiyalarni, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish qo‘llab-quvvatlanadi.

2023−2024-yillarda kompaniya ustav kapitali 300 mlrd so‘m miqdorida shakllantiriladi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlaridan $100 mln miqdorida mablag‘lar jalb qilinadi.

Kompaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi dasturlar 2024-yilning 1-martidan boshlanishi belgilanmoqda. Bunda, o‘rta biznesning ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish loyihalariga

  • ulush kiritish — loyiha qiymatining 15%i, biroq ustav kapitalining 20%i yoki 3 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda tashabbuskorning ustav kapitaliga ko‘chmas mulk obyektlari, asbob-uskunalar va boshqa ko‘rinishdagi aktivlar shaklida;
  • xizmatlar ipotekasi — ko‘chmas mulk va asbob-uskunalarning 70%i, biroq 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda mulk sotib olish va 7 yilgacha muddatga qarzdorlik qoldig‘iga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada yillik foiz hisoblash yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan.

Bunda, mazkur moliyaviy yordamlar 24 oydan ortiq faoliyat yuritayotgan va bir yil davomida 50ta kishini doimiy ish bilan ta’minlagan o‘rta biznes vakillari orasida ochiq tanlov orqali aniqlanadigan loyihalarga beriladi.

Kichik va o‘rta tadbirkorlik loyihalariga esa kredit (lizing) ajratish uchun banklar, mikromoliya va lizing tashkilotlariga milliy va xorijiy valyutada moliyaviy resurslarni joylashtirish imkoniyati beriladi.

Shuningdek, banklar, mikromoliya va lizing tashkilotlari tomonidan milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarga umumiy qiymati 5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi.

Kompaniya mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha banklar bilan tuziladigan vositachilik shartnomalariga asosan belgilangan limit hamda umumiy miqdor va shartlar doirasida kreditlar bo‘yicha kafillik (portfel kafilligi) taqdim etiladi.

2024−2026-yillarda kichik biznesga milliy valyutada 5 mlrd so‘mgacha ajratiladigan kreditlar bo‘yicha asosiy stavkaning 40%igacha miqdorda 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga kompensatsiya beriladi. Bunda, stavka Markaziy bank asosiy stavkasidan 4%lik punktdan yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmasligi kerak.

Kompensatsiya “1+2” tamoyili asosida kredit (lizing)ning dastlabki yiliga taqdim etiladi, keyingi ikki yil davomida esa tadbirkorlar tomonidan yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni rejasi bajarilishi va realizatsiya qilingan mahsulot (xizmat) bo‘yicha tushum kamida 15%ga oshgandagina davom ettiriladi.

Bu maqsadlar uchun budjetdan kompaniyaga kelasi yilning 1-iyuligacha 600 mlrd so‘m hamda 2024-yil oxirigacha yana shuncha miqdorda mablag‘ ajratiladi.