[widget id="qtranslate-2"]
18 sentabr 2023

O‘zbekistonda Hindiston bilan hamkorlikda yangi qo‘shma korxonalar tashkil etiladi

Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi vakillari Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan qator muzokaralar o‘tkazib, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

«Avantika Medex Pvt Ltd.» rahbari Lal Babu bilan uchrashuv davomida mamlakatimizdagi farmatsevtika, dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlash sohasidagi erkin iqtisodiy zonalar (EIZ)lar, EIZ faoliyati doirasida yaratilgan qulay muhit va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Jizzax viloyatidagi “Zomin-farm” EIZda hindistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda bir martalik steril lateks qo‘lqoplar ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etish loyihasining borishi yuzasidan fikr almashildi. Shu maqsadda “Avantika shifokor” qo‘shma korxonasi tashkil etilib, oktabr oyida yangi zavod qurilishini boshlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ushbu loyiha doirasida 15 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar oʻzlashtiriladi.

«Precise Chemipharma Pvt Ltd.» direktori Pran Shah bilan Toshkent viloyatidagi “Bustonlik-farm” EIZ hududida qiymati 10 million dollarlik loyihani amalga oshirishni muhokama qildi. Ushbu loyiha doirasida dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yangi ishlab chiqarish tuzilmasi uchun yer uchastkasi ajratilib, qurilish ishlari joriy yilning to‘rtinchi choragida boshlanadi.

Nasoslar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Flowmore Limited” kompaniyasining marketing bo‘yicha direktori Pramendra Singx Xada bilan o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xorijlik tadbirkorlar bilan hamkorlik samaralari, ular uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi. 

Tadbirda O‘zbekistonda “Flowmore Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy va xaridorgir nasoslar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Hindiston kompaniyasi vakili bu boradagi hamkorlik har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishini ta’kidlab, hamkorlikdagi faoliyat istiqbollarini o‘rganish, tegishli tuzilmalar bilan muzokaralar olib borish va amaliy qarorlar qabul qilish uchun tez orada O‘zbekistonga delegatsiya yuborilishini aytdi.