17 Aprel 2024

Yaponiyaning Xirosima shahrida O‘zbekistonning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Yaponiyaning Xirosima shahrida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan “O‘zbekistonning investitsion va sayyohlik salohiyati” mavzusida tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Ushbu tadbir Xirosima Savdo-sanoat palatasi, Yaponiya-O‘zbekiston iqtisodiy, madaniyat va sport hamkorlik jamiyati, shuningdek, Balcom Group kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbir avvalida Yaponiya-O‘zbekiston jamiyati raisi, shuningdek, Yaponiyaning Balcom Group kompaniyasi prezidenti Tetsuro Yamasaka so‘zga chiqib, jamiyat tomonidan savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. 

Xususan, Xirosima prefekturasida faoliyat yuritayotgan ishbilarmon doiralar vakillari 2024-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurishi, hududlarda qo‘shma biznes-forumlar tashkil etishi, yapon tilida yangi turizm risolalarini tayyorlashi ma’lum qilindi.

Rais Balcom Group kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ham batafsil ma’lumot berdi. Mamlakatimizda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit tufayli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochilayotgani, xorijiy sarmoyani qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

Tadbir davomida diplomatlar mamlakatimizning investitsiya va savdo sohasidagi ulkan salohiyati haqida gapirdi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarga alohida toʻxtalib oʻtilib, iqtisodiy sohadagi munosabatlarni rivojlantirish tendentsiyalari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, Yaponiya tomoni mamlakatimizning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy obidalari, xalqaro standartlar asosida qurilgan mehmonxonalar, ichki transport infratuzilmasi bilan tanishdi.

Shuningdek, Yaponiya sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan hamkorlikda O‘zbekistonning ekoturizm, ziyorat, gastronomik va hunarmandchilik kabi “turistik kontent”ni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.