23 aprel 2024

Yaponiyaning Nagoya shahrida O‘zbekistonning turizm va investitsiyaviy salohiyati namoyish etildi

Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi Nagoya shahri meriyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati” tadbirini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda shahar hokimligining xalqaro hamkorlik departamenti direktori Makio Yamada, O‘zbekistonning Nagoya shahridagi faxriy konsuli Xiroyuki Ito, Asiana Airlines aviakompaniyasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yilda Nagoyaga tashrifi ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun zamin yaratgani, Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekistonga katta qiziqish uyg‘otayotgani alohida ta’kidlandi.

Tadbirda faxriy konsul Xiroyuki Ito O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida gapirib, bugungi barqaror iqtisodiy-siyosiy vaziyat tufayli mamlakatimizga ishonchli iqtisodiy va madaniy sherik sifatida ishonch tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

Tadbirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yaponiya investitsiyalari hisobidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi va loyihalar taqdim etildi.

Shuningdek, diplomatlar yangi turistik yo‘nalishlar va “turistik kontent”ni rivojlantirish, turizm sohasida loyihalarni amalga oshirish, xorijiy sayyohlar uchun qulayliklar yaratish haqida ham ma’lumot berdi.

Janubiy Koreyaning Asiana Airlines aviakompaniyasining Nagoya shahridagi vakolatxonasi Janubiy Koreya orqali O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi aloqa imkoniyatlarini taqdim etdi.