09 Noyabr 2023

Vision invest qo‘shma loyihalar ro‘yxatini kengaytiradi va Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasini ochadi

Joriy yilning 9-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Vision invest kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Omar N. Ol-Midaniy bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar beradi.

Vision invest kompaniyasi 2002-yilda tashkil etilgan. Kompaniya boshqaruvidagi aktivlarining qiymati 96 milliard dollarni tashkil etadi. Vision invest ACWA Power kompaniyasi aksiyadori sanaladi va Saudiya Arabistoni, BAA va Ummondagi DXSh asosidagi loyihalarida yetakchi oʻrinni egallaydi.

Saudiya Arabistoni tomoni O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni samarali boshqarish uchun 10-noyabr kuni Toshkentda mintaqaviy vakolatxona ochish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Uchrashuvda, shuningdek, energetika, infratuzilmani rivojlantirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, suv resurslaridan foydalanish sohalarida yangi investisiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Muzokaralar yakunida faol hamkorlik qilishga va erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida keng ko‘lamli choralarini ko‘rishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.