Fransiya poytaxtida yetakchi fransuz moliya institutlari vakillari ishtirokida “Yangi Toshkent” loyihasining investitsiyaviy salohiyati va istiqbolli loyihalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Bpifrance, UBAF, Crédit Agricole CIB, Natixis, CIC, IPEM va boshqa moliyaviy tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.
Fransiya tomoniga istiqbolli investitsiya loyihalari, investorlar uchun taklif etilayotgan investitsiya lotlari, nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, yirik infratuzilma va tijorat obyektlarini moliyalashtirish imkoniyatlari taqdim etildi.
Fransiya moliya institutlari vakillari taqdim etilgan loyihalarni o‘rganish va ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, o‘z hamkorlari, mijozlari va institutsional investorlarini ushbu loyihalarga jalb etishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida 2027-yil boshida Bpifrance ishtirokida Fransiyada qo‘shma investitsiya taqdimotlari va road-shoular o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, IPEM bilan 2–4-fevral kunlari Kann shahrida bo‘lib o‘tadigan IPEM Wealth 2027 xalqaro forumi doirasida “Yangi Toshkent”ning investitsiya imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus tadbir tashkil etish masalasi muhokama qilindi.