26 Iyul 2019

Birinchi yarim yillikda O’zbekiston yalpi ichki mahsuloti 5,8 foizga o’sdi

2019 yilning yanvar — iyunida YIM hajmi joriy narxlarda 222 trln so`mni tashkil etdi va 2018 yilning yanvar — iyuni bilan taqqoslaganda 5,8% ga o`sdi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Aholi jon boshiga hisoblangan YIM 6 649 ming so`mni tashkil etdi va o`tgan yilning mos davriga nisbatan 3,9% ga o’sdi.

O`tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda YIM (YaQQ) tarmoqlari tarkibida qishloq, o`rmon va baliq xo`jaligining ulushi 27,3% dan 24,3% ga kamaydi, sanoatning ulushi 27,1% dan 30,3% ga, qurilishning ulushi 7,3% dan 7,6% ga o’sdi.

Xizmatlar sohasining YIM (YaQQ) tarkibidagi ulushi 37,8% ni tashkil etdi va o’tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 0,5 f.p. ga kamaydi.

Iqtisodiy o`sish sur`ati iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy dinamika bilan bog`liqdir. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo`shilgan qiymat hajmi YIM umumiy hajmining 90% ini tashkil etdi va 5,8% ga o`sdi (YIM mutloq o`sishiga ta`siri 5,1 f.p.) ni tashkil etdi.

Mahsulotlarga sof soliqlarning YIM tarkibidagi ulushi 10,0% ni tashkil etdi va 5,9% darajasida o`sish qayd etildi (YIM mutloq o`sishiga ta`siri 0,7 f.p.).

Manba: Spot.uz