O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev BALQANSIAD uyushmasi raisi Fotih Sharif boshchiligidagi turk tadbirkorlari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati. Unda Turkiyaning 18 yetakchi kompaniyasi vakillari ham ishtirok etdi.
Sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, metallurgiya, mashinasozlik kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, loyihalarni birgalikda amalga oshirishga turk kompaniyalarini jalb etishga alohida e’tibor qaratildi. Suv tozalash inshootlarini qurish, avtomatik shisha eshiklar, stomatologik implantlar va mebel sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarish loyihalarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha hamkorlikda ishlarni davom ettirish mexanizmlari ishlab chiqilib, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalda tatbiq qilish bosqichlari belgilab olindi. Belgilangan rejalar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lishiga o‘zaro ishonch bildirildi.