15-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev Daniya Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Lars Tuesen bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yashil energetika, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, mashinasozlik, suv xo‘jaligi va logistika kabi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar aniq qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish va O‘zbekiston–Daniya ishbilarmonlik sherikligini yanada mustahkamlash bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.